13 Sentyabr 2025 yil 1436

Joriy yilning 9-sentyabr kuni Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahrida, bir guruh shaxslarning oʻzaro mushtlashayotgani aks etgan video tarqaldi

Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan mazkur holat, shu kuni nazoratga olinib, tezkor qidiruv tadbirlari tashkil etildi.

Maʼlum boʻlishicha, 9-sentyabr kuni, soat 21.30 larda 29 yoshli fuqaro oʻzining sinfdoshlari bilan, shahar hududida joylashgan toʻyxona hovlisida turgan vaqtida, unga avvaldan tanish boʻlgan 1997-yilda tugʻilgan fuqaro Yunusov Sirojiddin Safomuddin oʻgʻli boshchiligidagi bir guruh shaxslar, davlat raqami oʻzboshimchalik bilan yechib olingan avtomashinada kirib kelganlar.

Shundan soʻng, Sirojiddin Yunusov hamda uning sheriklari oʻrtalarida boʻlgan nizo sababli, 29 yoshli fuqaroni qoʻl va oyoqlari bilan urib unga tan jarohati yetkazishgan.

Holat yuzasidan, Jinoyat kodeksining 277-moddasi (Bezorilik) 3-qismi “g” bandi bilan, jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, olib borilgan tezkor qidiruv tadbirlari davomida, jinoyat ishiga aloqador boʻlgan shaxslar protsessual tartibda qoʻlga olinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish“ tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Shuningdek, jinoyatda gumonlanuvchi 2000-yilda tugʻilgan shaxslar Qorajonov Javoxir Djafer oʻgʻli hamda Nuraliyev Asadbek Alisher oʻgʻliga nisbatan qidiruv eʼlon qilinib, ushlash choralari koʻrilmoqda.

Agarda siz tasvirdagi shaxslardan jabrlangan yoki ulaning biror-bir jinoyatga aloqadorligidan xabardor boʻlsangiz hududiy ichki ishlar organlariga yoki 102 qisqa raqami orqali xabar berishingizni soʻraymiz. Maʼlumot bergan fuqarolarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.

Text to speech