28 Aprel 2023 yil 12005

Voleybol bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasi Toshkent viloyati bosqichi yakunlandi

Mamlakatimizda sportni rivojlantirish, yoshlarni sportga jalb etish maqsadida sektorlarda bir qator musobaqalar uyushtirilib, bu yoshlarning imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.

Jumladan, Ichki ishlar vazirining farmoyishiga binoan maktabning 11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida sportning voleybol turi bo‘yicha “Ichki ishlar vaziri kubogi” musobaqasi o‘tkazilmoqda.

Xabar berilganidek musobaqaning tuman-shahar va mintaqa bosqichlari o‘tkazilib, g‘oliblar viloyat bosqichiga yo‘llanma olgan edi. Kecha Nurafshon shahrida mazkur musobaqaning viloyat hamda final bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirni viloyat ichki ishlar Bosh boshqarmasi boshlig‘i General-mayor Tohir Aripov ochib berib, ishtirokchilarga omad tiladi.

Qizg‘in va murosasiz kechgan bahslarda musobaqa ishtirokchilari bor mahorat va tajribalarini ishga solib g‘oliblik uchun kurashdilar.

Yakuniy natijaga ko‘ra, o‘g‘il bolalar o‘rtasida 1-o‘rin 2-mintaqa (Olmaliq shahar),  2-o‘rin 1-mintaqa (Bo‘stonliq tumani) va 3-o‘rin 3-mintaqa (Bo‘ka tumani)dan kelgan o‘quvchilar jamoasi egalladi.

Shuningdek, qizlar o‘rtasidagi musobaqada 1-o‘rin 4-mintaqa (Quyi Chirchiq tumani), 2-o‘rin 2-mintaqa (Piskent tumani) hamda 3-o‘rin 3-mintaqa (Bo‘ka tumani) yoshlari qo‘lga kiritdi.

Birinchilikni egallagan jamoa vakillari viloyat kubogi bilan birga musobaqaning respublika bosqichiga yo‘llanmani ham qo‘lga kiritishdi.

Musobaqa so‘ngida g‘oliblarga Toshkent viloyati IIBBning diplom va qimmatbaho sovg‘alari topshirishdi. Bundan tashqari birinchilikni egallagan ikki jamoa Bosh boshqarma boshlig‘ining tashabbusi bilan Samarqand viloyatiga sayohatga boradigan bo‘ldi.

IIBB Axborot xizmati

Text to speech