2 Dekabr 2024 yil 2369

Uzoq yildan buyon qidiruvda bo‘lgan shaxslar boshqa davlatdan ushlab kelindi

Toshkent viloyatida o‘tkazilayotgan “Xavfsiz hudud-dolzarb 50 kun” nazorat tadbirlari doirasida viloyat IIBB tezkor xodimlari va qo‘shni respublika xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tadbirlar natijasida, jinoyat sodir qilib, uzoq yildan buyon qidiruvda bo‘lgan 5 nafar shaxs chegara postlari orqali Qozog‘iston Respublikasidan O‘zbekistonga o‘tkazildi. Ular uzoq yillar davomida Qozog‘istonning 10 ga yaqin shaharlarida yashiringan holda yashab kelgan.

Ushlangan shaxslarning ikki nafari (1984 y.t. Q.U. va K.A.) O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 119 va 164-moddasida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun 15-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan bo‘lsa, yana ikki nafari (1973 y.t. I.Ch. va 1983 y.t. A.S.) 11-yildan beri Jinoyat kodeksining 135 va 223-moddasi hamda 182, 210 va 223-moddalarida ko‘rsatilgan jinoyatlari qidiruvga berilgan.

Yana bir shaxs (1978 y.t. M.M.) esa Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismida ko‘rsatilgan jinoyatlarni sodir etgani uchun tergov va sud organlaridan yashiringan holda 5-yildan buyon qidiruvda bo‘lgan.

Bundan tashqari, yilning o‘tgan davri mobaynida IIBB va uning quyi tizim xodimlari tomonidan ming nafardan ortiq qidiruvdagi shaxslar ushlanib, bedarak yo‘qolganlar oilasiga qaytarilgan.

Text to speech