Tun-u kun Pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi nazorat olib borilmoqda
Xususan, navbatdagi holatda Poytaxtga olib oʻtilayotgan koʻp miqdordagi pirotexnika vositalari Toshkent viloyatida IIB xodimlari tomonidan toʻxtatib qolindi.
Bugun, 20-dekabr kuni soat 04:00larda Oʻsh–Toshkent yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan “Cherry” rusumli avtomobil Ohangaron tumanida joylashgan “Chinor” YPX maskanida ichki ishlar xodimlari tomonidan toʻxtatildi.
1993-yilda tugʻilgan haydovchi (S.SH.) boshqaruvidagi transport vositasi tekshirilganda, avtomobil yukxonasida noqonuniy olib ketilayotgan 720 dona pirotexnika vositalari borligi aniqlangan. Hozirda holat yuzasidan tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz: Pirotexnika vositalarining noqonuniy aylanmasi qonun bilan taqiqlangan va bunday harakatlar maʼmuriy yoki jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi. Viloyat boʻylab Ichki ishlar organlari xodimlari tomonidan tun-u kun nazorat-reyd tadbirlari davom ettirilmoqda.