Tungi xizmatdagi IIB xodimlari tomonidan oʻgʻrilik jinoyati “issiq izi”dan fosh etildi
Toshkent viloyatida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz hudud” keng koʻlamli tezkor profilaktik tadbirlari doirasida jinoyatlarni fosh etish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida qator tadbirlar oʻtkazilmoqda. Xususan, Ohangaron tumanida joylashgan Chinor YPX maskanida tungi xizmatga jalb qilingan IIO xodimlari tomonidan qora mol oʻgʻirligi fosh etildi.
Aniqlanishicha, IIO xodimlari tomonidan toʻxtatilgan “Damas” rusumli avtomashina salonida bir bosh qora mol, haydovchi va ikki nafar shaxs boʻlgan. Surishtiruv davomida ular qora molni Boʻka tumanidan sotib olganini maʼlum qilgan boʻlsada, ammo xodimlar hushyorlikni yoʻqotmasdan holatga oydinlik kiritgan.
Surishtiruv natijasida, qiymati 7 mln soʻm boʻlgan ushbu qora molni Andijon viloyatida yashovchi 22 yoshli uch nafar shaxs (SH.O., B.A. va S.Y.) Boʻka tumani “Yangibogʻ” mahallasidan oʻgʻirlagani aniqlangan. Ular yarim tunda xonadon molxonasiga yashirincha kirib, oʻrindiqlari yechilgan va oldindan tayyorlangan “Damas” avtomashinasi saloniga joylashtirgan holda olib ketayotgan boʻlgan.
Dastlabki tergov davomida, ushbu shaxslarning avvalroq ham shu usulda qiymati 19 million soʻm boʻlgan ikki bosh qora molni yashirincha olib ketgani, mollarni sotib pulini shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgani hamda ulardan biri oʻtgan yilda mazkur mahallada yollanma ishchi sifatida ishlagani va hududni yaxshi bilgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan Boʻka tumani IIB Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 2 va 3-qismlari asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.