24 Avgust 2022 yil 819

Tunda fuqarolarning mol-qoʻylarini oʻgʻirlayotgan bir guruh shaxslar IIB xodimlari tomonidan fosh etildi

Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizimlari tomonidan viloyat hududida huquqbuzarlik va jinoyatchilikni barvaqt oldini olish, jinoyatlarni “issiq izidan” fosh etish maqsadida xodimlarning tungi xizmat faoliyatiga alohida eʼtibor qaratilib patrullik guruhlarining hushyorligi oshirilgan.

Jumladan, 23 avgust kuni Boʻka tumani hududida sodir etilgan oʻgʻirlik hududda oʻtkazilayotgan “Tun” tadbiri davomida “issiq izidan” fosh etildi.

Aniqlanishicha, shu kuni soat tungi 01:00 larda “Rovot” MFY hududidan oʻtayotgan “Damas” avtomobili shu hududda tungi xizmatda boʻlgan tuman IIB profilaktika inspektori va tezkor xodimi tomonidan toʻxtatilgan.

Avtomobilda boʻlgan toʻrt nafar shaxs bilan oʻtkazilgan suhbat davomida, ular (20-40 yoshlardagi shaxslar) oʻzlarini noodatiy tutishlari xodimlarda shubha uygʻotgan.

Shundan soʻng ularning yoʻnalishlari, qayerdan qayerga ketayotganligi yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi. Shu tariqa ushbu shaxslar ayni damda shu mahallada yashovchi fuqaro xonadonidan bir bosh qoʻyni oʻgʻirlab, tanishining uyiga yashirib kelayotganligi fosh etilgan. Shaxslar gumonlanuvchi sifatida ishga jalb qilingan.

Hozirda mazkur holat va shu kabi boshqa holatlarga ularning aloqadorligi boʻyicha qo'shimcha surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

IIBB Axborot xizmati

Text to speech