11 Yanvar 2022 yil 955

Toshkent viloyatining 349 ta mahallasida umuman jinoyat sodir etilmadi

Toshkent viloyati IIBB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi tomonidan 2021 yil davomida fuqarolar tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash, ularning qonuniy manfaatlarini himoya qilish hamda jinoyatchilikka qarshi kurashish, aniqlash va fosh etish borasida bir qancha ijobiy ishlar amalga oshirildi.

Jumladan, tezkor-profilaktik tadbirlar natijasida yil davomida sodir etilgan jinoyatning 319 tasi shaxsan profilaktika inspektorlari tomonidan fosh etilgan. Shuningdek, inspektorlar tomonidan 66 nafar qidiruvdagi shaxs ushlanib, 32 nafar bedarak yo‘qolganlar topildi.

Mahalla, korxona va muassasalarda o‘tkazilgan jinoyat muhokamasi va olib borilgan say-harakatlar natijasi viloyatdagi 1 014 ta mahallaning 34,4 foizi yoki 349 tasida umuman jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan bo‘lsa, 265 tasida barqarorlik saqlanib, kamayishiga erishildi.

Jinoyat va huquqbuzarlik sodir etishga moyil bo‘lgan 37 198 nafar shaxs profilaktik hisobga olingan bo‘lib, ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida sog‘lom turmush tarziga qaytgan 24 370 nafar shaxs profilaktik hisobdan chiqarildi.

Sog‘liqni saqlash muassasalari hisobida turuvchi, ichkilikka ruju qo‘ygan, giyohvand va tajovuzkor ruhiy-kasalligi bo‘lgan shaxslarning 3 085 nafari yoki 72 foizi davolanish uchun tibbiy muassasasiga joylashtirildi.

Yil davomida kuchli alkogol mastlik holatida bo‘lgan 1 907 nafar shaxs tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida tibbiyot muassasasiga olib borilgan bo‘lsa, ularning 396 nafari sud qaroriga asosan majburiy davolanishi taʼminlandi.

IIBB Axborot xizmati

Text to speech