20 Sentyabr 2025 yil 95

Toshkent viloyatida tinchlik va osoyishtalikni ta’minlash bo‘yicha keng ko‘lamli tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda

Toshkent viloyati hududida jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolar tinchligi hamda xavfsizligini ta’minlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organlar oʻrtasida hamkorlikda qoʻshma qaror qabul qilinib, uning ijrosi yuzasidan ishlar boshlandi.

Jumladan, bugun O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vaziri o‘rinbosari, general-mayor Bekmurod Abdullayev boshchiligidagi ishchi guruh mazkur tadbirlar doirasida amalga oshirilayotgan ishlar, shuningdek, PQ-1-son qaror ijrosi holatini manzilli o‘rgandi.

Vazir o‘rinbosari Olmaliq shahrining “Oydin” mahallasi hamda 16-sonli mahalla huquq-tartibot maskanida IIO tomonidan olib borilayotgan faoliyat bilan tanishdi.

Jarayonda “ijtimoiy profilaktika”ga muhtoj aholining muammolarini hal etish, oilaviy nizolar oqibatidagi jinoyatlarning oldini olish, mahallalarda ogʻir va oʻta ogʻir jinoyatlarga chek qoʻyish hamda osoyishtalikni taʼminlash bo‘yicha barcha tashkilotlar hamkorligida o‘tkazilayotgan profilaktik chora-tadbirlar ko‘rib chiqildi. Shu bilan birga, mas’ul xodimlarning hisobotlari va xizmatni samarali tashkil etish bo‘yicha takliflari tinglandi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli topshiriqlar berilib, xizmat samaradorligini oshirish va tezkor vaziyatni barqaror saqlashga qaratilgan ko‘rsatmalar berildi.

Shuningdek, Olmaliq shahar IIBda tezkor-profilaktik tadbirlarni yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan yo‘riqnoma o‘tkazilib, barcha kuch va vositalar xizmatga jalb qilindi.

Jamoat tartibini saqlash, fuqarolar xavfsizligini taʼminlash hamda mahallalarni jinoyatchilikdan holi hududga aylantirish maqsadida tezkor-profilaktik tadbirlar viloyatning barcha tuman va shaharlarida davom etmoqda.

Text to speech