Toshkent viloyatida kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash boʻyicha manzilli ishlar olib borilmoqda
Toshkent viloyati IIBB boshligʻi, polkovnik Abduvosit Abdurazakov tomonidan tuman-shaharlarda kriminogen vaziyat barqarorligini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilgan ishlar oʻrganilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi PQ-1-son qarori ijrosini taʼminlash maqsadida, Bekobod shahrida manzilli oʻrganishlar olib borildi. Oʻrganishlar davomida mahallalarda sodir etilishi mumkin boʻlgan jinoyat va huquqbuzarliklarning oldini olish, janjalli va ajrim yoqasidagi oilalar bilan muntazam ishlash borasida tegishli topshiriqlar berildi.
Mahalla yettiligining xalq bilan yonma-yon xizmat olib borishi, hududda istiqomat qiluvchi har bir fuqaroning dardu tashvishi bilan qiziqishi lozimligi haqida ham alohida toʻxtalib oʻtildi.
Shuningdek, jinoyatchilikka qarshi kurashda texnik vositalardan keng foydalanish, xususan, “tashvish tugmalari” oʻrnatilgan obyektlar holatini tahlil qilish, muassasalar va aholi punktlarida “xavfsiz yoʻlak” loyihasi asosida tungi yoritish tizimlari va videokuzatuv moslamalari bilan jihozlash choralari ham koʻrib chiqildi.
Qoʻriqlash boʻlimi tomonidan olib borilayotgan profilaktik tadbirlar, kechki va tungi xizmat, navbatchilik punktlari holati ham oʻrganilib, mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha aniq koʻrsatmalar berildi.
Ushbu chora-tadbirlar mahallalarda huquqbuzarliklarning oldini olish, fuqarolarning tinch va xavfsiz hayotini taʼminlashga xizmat qiladi.