“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor profilaktik oyligi doirasida Toshkent viloyati IIBB hamda DXX hududiy boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, yetarli bilimga va tegishli ruxsatnomaga ega boʻlmagan 3 nafar shaxs noqonuniy diniy taʼlim berish holati yaʼni yashirin hujra tashkil qilganligi fosh etildi.
Jumladan, 33 yoshli shaxs Toshkent tumanidagi vaqtincha yashayotgan xonadonida 13 nafar bolaga, 42 yoshli shaxs Boʻstonliq tumanidagi ijaraga olingan dala hovlida 20 nafar bolaga, shuningdek, 36 yoshli ayol Yuqori Chirchiq tumanidagi yashash xonadonning yertoʻlasida 6 nafar voyaga yetmagan bolaga diniy saboq berib kelgani aniqlandi.
Noqonuniy faoliyat yuritgan mazkur shaxslar hamda bolalarni tarbiyalash majburiyatlarini bajarmagan ota-onalarga nisbatan qonunda belgilangan tartibda chora koʻrilishi taʼminlandi.
Eslatib oʻtamiz, Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 229 prim 2-moddasi — Diniy taʼlimotdan saboq berish tartibini buzish maʼmuriy jazo qoʻllanilganidan keyin 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.