Toshkent viloyati hokimi va profilaktika inspektorlari oʻrtasida navbatdagi ochiq muloqot uchrashuvi boʻlib oʻtdi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qarori
bilan shahar-tuman hokimlari har oyda profilaktika inspektorlari bilan shaxsan
uchrashib, hududlarda jamoat tartibi va fuqarolar xavfsizligini taʼminlash
borasida aniqlangan muammoli masalalarni hal qilish choralarini koʻrishi
belgilab berilgan.
Mazkur qaror ijrosini taʼminlash hamda viloyat
hududida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish, fuqarolar
xavfsizligini taʼminlashda yuzaga kelayotgan muammoli masalalarga yechim topish
maqsadida, joylarda “Toshkent viloyati hokimi va profilaktika inspektorlari
uchrashuvi” tashkil etib kelinmoqda.
Jumladan, navbatdagi "Hokim va inspektorlar uchrashuvi” viloyatning Yuqori Chirchiq tumanida boʻlib oʻtdi. Tadbirda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev, viloyat prokurori Azamat Mirzayev, IIBB boshligʻi Tohir Aripov hamda viloyatning 1-mintaqaviy hududi boʻyicha profilaktika inspektorlari ishtirok etdilar.
Tadbir avvalida xizmat vazifasini vijdonan
bajarib, aholi tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash hamda jinoyatchilikni
oldini olishda jonbozlik koʻrsatgan, namunali inspektorlar alohida eʼtirof
etilib, ularning ota-onalariga tashakkur eʼlon qilindi va esdalik
sovgʻalari topshirildi.
Tadbirning asosiy qismida, profilaktika
inspektorlari tomonidan mavjud savollar hamda muammoli vaziyatlar yuzasidan
taklif va ularning qisman yechimlari oʻrtaga tashlandi.
Dolzarbligi jihatdan fuqarolarning ijtimoiy
muammolari, ajrim yoqasidagi oilalar, ishsizlik, maktab oʻquvchilari va ota
onalarning oʻzaro munosabatlari, hududlarni kameralashtirish, tungi
yoritgichlar, taʼmirga muhtoj yoʻllar va boshqa muammoli savollar va takliflar
yangradi.
Inspektorlarni tinglagan viloyat hokimi
koʻtarilgan muammolarning deyarli barchasi oʻrinli ekanligini taʼkidlab, yechim
va ijrosi nazoratga olganini, ayrim muammolar yuzasidan qonun chiqaruvchi
organlarga taklif kiritilishini maʼlum qildi.
Uchrashuv davomida 50 yildan ortiq vaqt mobaynida
ichki ishlar organlarida xizmat qilgan, isteʼfodagi general-mayor Sayfulla
Asadov soʻzga chiqib, mahallalarda faoliyat yuritib kelayotgan profilaktika
inspektorlari bugungi kunda eng samarali ishlab kelayotgan tizim ekanini,
bildirilayotgan savol va takliflar ham aholining ijtimoiy hayotida oʻrni
nechogʻlik muhimligini taʼkidladi.
Shuningdek, viloyat prokurori, Azamat Mirzayev
soʻzga chiqib, jamoat tartibi va fuqaro xavfsizligini saqlashda, xizmat
vazifalarni sidqidildan bajarayotgan inspektorlar chinakam xalq vakili ekanini
hamda viloyat IIO xodimlari misolida xalqchil tizimni koʻrganini bildirdi.
Tadbirga viloyat IIBB boshligʻi yakun yasadi va
xodimlarimiz bildirilgan ishonchni oqlab, vatanga va xalqqa sadoqat bilan
xizmat qilishda davom etishiga ishonch bildirdi.
IIBB Axborot xizmati