1 May 2025 yil 1277

Toshkent viloyati mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish borasidagi ishlar, Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari tomonidan oʻrganildi

Mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish, jinoyatchilikka qarshi kurashish va aholining tinch, xavfsiz hayot kechirishi uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish borasida keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 3-yanvardagi “2025-yilda respublika mahallalarida xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish tizimi samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori — bu borada muhim huquqiy asos boʻlib xizmat qilmoqda.

Qaror doirasida joylarda “Mahalla huquq-tartibot maskanlari” tashkil etildi. Ushbu maskanlar profilaktika inspektorlari, mahalla yettiligi, xotin-qizlar faoli, yoshlar yetakchisi va boshqa masʼul tashkilotlar oʻrtasida oʻzaro hamkorlikni kuchaytirish, mahallalarda jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olishda samarali tizim yaratishga qaratilgan.

Shu munosabat bilan, Ichki ishlar vazirining birinchi oʻrinbosari polkovnik Ayubxon Rahmatullayev Toshkent viloyatining Yangiyoʻl shahri, Yangiyoʻl va Zangiota tumanlari IIBda olib borilayotgan ishlar holati bilan tanishdi. Jumladan, "Bogʻzor" va "Gʻalaba" mahallasidagi huquq-tartibot maskani hamda mahalla yettiligi faoliyati oʻrganildi.

Oʻrganishlar davomida profilaktika inspektori va mahalla yettiligi aʼzolari bilan uchrashuv oʻtkazilib, qaror ijrosi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar, erishilgan natijalar va mavjud muammolar atroflicha muhokama qilindi. Unda mahallalarda aholining huquqiy ongi va faolligini oshirish, yoshlar oʻrtasida profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, oilaviy muhitdagi nizolarni erta aniqlash va bartaraf etish boʻyicha vazifalar belgilab berildi.

Vazir oʻrinbosari tomonidan tegishli xizmatlarga ishlarni yanada jadallashtirish, maskanlarning moddiy-texnik bazasini yanada yaxshilab borish va har bir mikrohududda profilaktik chora-tadbirlarni kuchaytirish yuzasidan aniq koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Qayd etish lozimki, Toshkent viloyatida jamoat xavfsizligini taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish va fuqarolarning huquqiy himoyasini taʼminlash boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar tizimli va manzilli tus olgan.

Mazkur chora-tadbirlar keng jamoatchilik ishtirokidagi hamjihatlik va hamkorlik asosida amalga oshirilar ekan, mamlakatimizda tinch va xavfsiz hayotni taʼminlash yoʻlida muhim qadamlardan biri hisoblanadi.

Text to speech