23 Oktyabr 2025 yil 320

Toshkent viloyati IIBB boshligʻi polkovnik Abduvosit Abdurazakov Aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasining Toshkent viloyati boʻyicha raisi etib saylandi

Yurtimizda sportni rivojlantirish, yoshlarni sogʻlom va barkamol avlod sifatida voyaga yetkazish davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Shu maqsadda jismoniy tayyorgarlikni oshirish va sport turlarini ommalashtirish borasida izchil ishlar olib borilmoqda.

Shu munosabat bilan bugun Toshkent viloyati IIBBda Aralash jang sanʼatlarini yanada rivojlantirish va ommalashtirishga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Tadbirni viloyat IIBB boshligʻi, polkovnik Abduvosit Abdurazakov ochib, kun tartibidagi masalalar yuzasidan ishtirokchilarni tanishtirdi.

Yigʻilishda dastlab Oʻzbekiston Aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasining Toshkent viloyati boʻyicha rahbariyatini shakllantirish va unga rais saylash masalasi koʻrib chiqildi. Saylov jarayonida viloyat sport masʼullari, delegatlar, sportchilar hamda hududiy ichki ishlar boʻlimlari rahbarlari ishtirok etdi.

Natijaga koʻra, viloyat IIBB boshligʻi, polkovnik Abduvosit Abdurazakov Assotsiatsiyaning Toshkent viloyati boʻyicha raisi, polkovnik Artiq Xudoyberganov raisning birinchi oʻrinbosari, Rashid Subxonov ijrochi direktor hamda Furqat Xudoyqulov kotib etib saylandi.

Kun tartibidagi ikkinchi masala doirasida esa mazkur yoʻnalishni yanada rivojlantirish, yoshlarni sportga keng jalb etish, har bir tuman va shaharda zarur shart-sharoitlar yaratish masalalari muhokama qilindi. Shuningdek, aralash jang sanʼati murabbiylarining sport maktablari bilan hamkorligini yoʻlga qoʻyish, hududlarda yangi oktagonlar tashkil etish hamda musobaqalarda muxlislik klublari faoliyatini yoʻlga qoʻyish boʻyicha takliflar bildirildi va tegishli qarorlar qabul qilindi.

Yigʻilish yakunida polkovnik Abduvosit Abdurazakov tomonidan masʼul rahbarlarga Oʻzbekiston Aralash jang sanʼatlari assotsiatsiyasi raisi Aziz Tashpulatov tomonidan belgilangan topshiriqlarni oʻz vaqtida va sifatli bajarish yuzasidan aniq koʻrsatma va topshiriqlar berildi.

Text to speech