Tadbir davomida qator jinoiy holatlarga chek qoʻyilib, qonun ustuvorligi taʼminlandi.
Jumladan, giyohvandlik va psixotrop moddalar bilan bogʻliq jinoyatlarga qarshi kurash yoʻnalishda oʻtkazilgan tadbirlar natijasida 266 ta holat aniqlanib, jami 123,8 kg giyohvand va psixotrop moddalar noqonuniy muomaladan chiqarildi. Bu orqali minglab insonlarning ushbu zararli moddalar bilan zaharlanishining oldi olindi.
Xususan, Chinoz tumanida oʻtkazilgan tezkor tadbir davomida, Qashqadaryo viloyatida yashovchi, 1993-yilda tugʻilgan shaxs “gashish” giyohvandlik vositasini avtomashinada yashirincha olib ketayotgan vaqtida qoʻlga olindi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Shu kabi, qidiruvdagi shaxslarni aniqlash yoʻnalish boʻyicha sud va tergov organlaridan yashiringan hamda boshqa sabablarga koʻra qidiruvda boʻlgan 168 nafar shaxs qoʻlga olindi. Shulardan 6 nafari xorijiy davlatlardan ekstraditsiya qilindi. Bundan tashqari, 65 nafar bedarak yoʻqolgan shaxs topilib, oila aʼzolariga qaytarilishi taʼminlandi.
Odam savdosiga qarshi oʻtkazilgan tadbirlar davomida, ayol va qizlarni shahvoniy maqsadda Oʻzbekiston tashqarisiga olib chiqmoqchi boʻlgan 8 nafar shaxs daliliy ashyolar bilan ushlandi. Natijada 5 nafar ayol odam savdosi qurboniga aylanishining oldi olindi. Xususan, 15-fevral kuni oʻtkazilgan tadbirda 2006-yilda tugʻilgan qizni Turkiyaga noqonuniy ravishda olib chiqmoqchi boʻlgan, Olmaliq shahrida yashovchi 1998-yilda tugʻilgan ayol Toshkent xalqaro aeroportida qoʻlga olindi. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 135-moddasi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Shuningdek, axloq va sogʻliqqa qarshi jinoyatlar bilan kurashish yoʻnalishida orttirilgan immun tanqisligi sindromi (OITS)ni tarqatish bilan bogʻliq 13 ta holat aniqlanib, ushbu shaxslarga nisbatan qonuniy huquqiy chora koʻrilishi natijasida, ushbu shaxslarning boshqa fuqarolarga infeksiya yuqtirishining oldi olindi. Shuningdek, tadbir davomida qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash bilan bogʻliq 85 ta, fohishalik bilan shugʻullanish boʻyicha esa 16 ta holat fosh etilib, barchasiga nisbatan tegishli tartibda qonun ustuvorligi taʼminlandi.
Shu kabi, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash doirasida noqonuniy qurol saqlash, tovlamachilik va qimorxona tashkil qilish bilan bogʻliq 27 ta jinoiy holat aniqlandi. Barcha gumonlanuvchilarga nisbatan qonunchilikka muvofiq choralar koʻrildi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan qonun ustuvorligini taʼminlash, jamoat tartibini saqlash va yurt osoyishtaligini mustahkamlash maqsadida bu kabi chora-tadbirlar izchil davom ettiriladi.