Toshkent viloyati IIBB tomonidan hamkor tashkilotlar ishtirokida oʻtkazilgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarining natijalari
Respublikamiz hududida jamoat tartibini saqlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning oldini olish, kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasida ichki ishlar organlari tomonidan tegishli idora va tashkilotlar bilan hamkorlikda bir qator amaliy ishlar olib borilmoqda.
Xususan, joriy yil 15-iyuldan 15-avgustga qadar Toshkent viloyati hududida “Xavfsiz va sogʻlom yurt” shiori ostida keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlarning ikkinchi bosqichi oʻtkazildi.
Ushbu tadbirlar doirasida kriminogen vaziyatga taʼsir koʻrsatuvchi shaxslarni aniqlash, ularning faoliyatiga chek qoʻyish, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish, aholi osoyishtaligini taʼminlash, giyohvandlik, psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi vositalarning noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish, umuman jinoyatchilikning har qanday koʻrinishiga qarshi kurashishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlar amalga oshirildi.
Natijada giyohvandlik moddalarining noqonuniy muomalasi bilan bogʻliq 298 ta holat aniqlandi. Tadbirlar davomida 46,6 kg giyohvandlik vositasi hamda 40 ming 271 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi muomaladan olindi. Narkotik moddalarni targʻib qiluvchi mingdan ortiq chizilgan graffiti yozuvi aniqlanib, oʻchirildi. Shuningdek, kuchli taʼsir qiluvchi dori va sintetik giyohvandlik vositalari zakladkasi bilan shugʻullangan 28 nafar shaxs ushlandi.
Shu bilan birga, 14 dona oʻq otar, 25 dona pnevmatik qurol va 63 dona oʻq-dorilar daliliy ashyo sifatida musodara qilindi. Mahallalardagi oʻgʻirlik jinoyatining oldini olish maqsadida xonadonlar, avtoturargohlar va jamoat joylariga kuzatuv kameralari oʻrnatildi. 2 300 dan ortiq holatda noqonuniy saqlanayotgan sovuq qurol aniqlanib, 2 392 ta oʻtkir tigʻli jism tegishli tartibda hujjatlashtirilib olindi.
Yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash maqsadida amalga oshirilgan profilaktik chora-tadbirlar natijasida 64 mingdan ziyod qoidabuzarlik holati qayd etildi, shundan 27 mingdan ortigʻi qoʻpol turdagi qoidabuzarlik boʻlib, 672 ta holatda haydovchilar mast holatda transport vositasini boshqargani, 4 ming ta holatda esa haydovchilar tegishli hujjatsiz transport vositasini boshqargani aniqlandi.
Qoʻriqlash xizmati boʻyicha 3 ming 907 ta obyekt, shu bilan birga 5 ming 508 ta xonadon va 952 ta ijtimoiy muassasa texnik qoʻriqlovga olindi. Shuningdek, tergov va sud organlaridan yashirinib yurgan 117 nafar qidiruvda boʻlgan shaxs qoʻlga olinib, 67 nafar bedarak yoʻqolgan fuqaro topildi va oilalariga qaytarildi.
Jamoat xavfsizligini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish borasidagi profilaktik va tezkor tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.