Toshkent viloyati IIBB boshligʻi, polkovnik Abduvosit Abdurazakov boshchiligidagi ishchi guruh Chirchiq shahri va Boʻstonliq tumanida oʻrganish ishlarini olib bordi
Davlatimiz rahbarining hududlarda kriminogen vaziyatni yaxshilash, jinoyatchilikni jilovlash va mahallalarda osoyishtalikni taʼminlash boʻyicha belgilagan topshiriqlarining amaliy ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent viloyati IIBB boshligʻi, polkovnik Abduvosit Abdurazakov boshchiligidagi ishchi guruh Chirchiq shahri va Bo‘stonliq tumanida ham o‘rganish ishlarini olib bordi.
Jarayonda Chirchiq shahar IIB faoliyati, shaxsiy tarkibning xizmatga tayyorgarligi, shuningdek talabalar turar joylari va boshqa muhim obyektlarda xavfsizlik choralarining samaradorligi ko‘zdan kechirildi.
Bo‘stonliq tumanida esa tuman IIB faoliyati, bozorlar, jamoat joylari va mahalla huquq-tartibot maskanlarida amalga oshirilayotgan xizmat faoliyati hamda jinoyatchilikni oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar baholandi.
O‘rganish jarayonida aholining tinch va osoyishta hayotini taʼminlash, huquqbuzarliklarning oldini olish, shuningdek jamoat joylarida videokuzatuv qamrovini kengaytirish masalalari ham alohida eʼtiborga olindi.
Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan tegishli topshiriqlar berilib, xizmat samaradorligini oshirish va tezkor vaziyatni barqaror saqlashga qaratilgan ko‘rsatma va topshiriqlar berildi.