25-may — Soʻngi qoʻngʻiroq! Oʻquvchilar orziqib kutgan, koʻpincha bayram sifatida nishonlanadigan kun. Ammo ayrimlar uchun bu kun bayram emas, jinoyat va ogʻir oqibatlar bilan tugashi ham mumkin.
Xususan, joriy yilning 16-aprel kunidan 17-aprel kuniga oʻtar kechasi, Angren shahri “Nurchi” mahallasida nomaʼlum shaxs “Damas” rusumli avtomashinadan pul mablagʻlari oʻgʻirlangani haqida hududiy Ichki ishlar boʻlimiga xabar kelib tushgan. Holat oʻrganilib, tegishli tartibda jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan.
Olib borilgan tezkor choralar natijasida bu qilmishni 15–17 yoshdagi toʻrt nafar maktab oʻquvchi sodir etgani aniqlanib, fosh etildi va ular protsessual tartibda ushlandi. Dastlabki tergov davomida gumonlanuvchilar ushbu oʻgʻirlangan pullarni maktab bitiruv kechasi uchun kerak boʻlgan xarajatlarni qoplash maqsadida olganini bildirgan.
Shu oʻrinda barcha ota-onalarni yana bir bor ogohlikka chaqiramiz!
Farzandlaringizning hayot tarzi, maktabdagi holati, kimlar bilan muomalada ekani, internetdagi faoliyati va moliyaviy ehtiyojlariga eʼtiborli boʻling!
Bu kabi holatlar barchamizni birdek oʻylantirishi kerak. Chunki, bitiruv kechalari va shu kabi tadbirlardagi ortiqcha xarajatlar, “boshqalardan qolmaslik” hissi, moddiy bosim — ayrim oʻquvchilarni jinoyatga boshlamoqda.
Aziz oʻquvchilar!
Bir qarashda oddiy boʻlib tuyulgan noqonuniy harakat — kelajakda taʼlim olish, ishga joylashish yoki hayotda oʻziga yarasha muvaffaqiyatga erishishda siz uchun jiddiy toʻsiqqa aylanishi mumkin. Unutmang, har qanday noqonuniy harakat yoki harakatsizlik javobgarlikka sabab boʻladi.