7 Aprel 2025 yil 141

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida navbatdagi maʼrifiy tadbir oʻtkazildi

Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida navbatdagi maʼrifat soati oʻtkazildi. Tadbir buyuk sarkarda va davlat arbobi, Oʻrta asr Sharq tarixining yirik siymosi Amir Temur tavalludining 689 yilligi munosabati bilan tashkil etildi.

“Biz – kim, mulki Turon amiri, Turkistonmiz” mavzusida tashkil etilgan tadbir doirasida Iqtisodiyot va moliya vazirligi xodimi, shoir Jamshid Akbarov ishtirok etdi. U oʻzining maʼruzasi orqali Amir Temur shaxsiyati, uning davlat boshqaruvidagi dono siyosati, adolat va tartibga asoslangan qarashlari haqida soʻz yuritdi. Shuningdek, shoirning ijod namunalari oʻqib eshittirildi, tarix va bugunning mushtarak jihatlari haqida fikr yuritildi.

Tadbir davomida shaxsiy tarkibga korrupsiyaga qarshi kurashish mavzusida maxsus tayyorlangan videorolik namoyish etildi. Mazkur rolik orqali korrupsiya illatining jamiyat hayotiga salbiy taʼsiri, unga qarshi kurashishda har bir xodimning masʼuliyati yoritib berildi.

Maʼnaviyat oyligi doirasida tashkillashtirilgan “Kitob yarmarkasi” ham tadbir ishtirokchilarida katta qiziqish uygʻotdi. Yarmarkada turli janrdagi asarlar, shu jumladan, vatanparvarlik, tarixiy va badiiy adabiyotlar taqdim etildi. Xodimlar oʻzlari uchun maʼnaviy ozuqa manbai boʻlgan kitoblarni tanlab olish imkoniga ega boʻlishdi.

Mazkur maʼrifat soati shaxsiy tarkibning tarixiy merosga boʻlgan hurmatini mustahkamlash, korrupsiyaga qarshi immunitetni kuchaytirish hamda kitobxonlik madaniyatini targʻib etishi bilan ahamiyatli boʻldi.

Text to speech