Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligining 34 yilligi munosabati bilan Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Tadbirni Bosh boshqarma boshligʻi, polkovnik Abduvosit Abdurazakov ochib, shaxsiy tarkibni Mustaqillik bayrami bilan samimiy tabrikladi. Shuningdek, Ichki ishlar vazirining bayram tabrigini oʻqib eshittirib, xodimlarga sharafli va masʼuliyatli faoliyatlarida ulkan muvaffaqiyatlar tiladi.
Prezident farmoniga muvofiq, Chinoz tumani IIB xodimi, podpolkovnik Oʻtkir Narjigitov “Shuhrat” medali bilan taqdirlangani alohida eʼtirof etildi. Shu bilan birga, Ichki ishlar vazirligi tomonidan 32 nafar xodim “Benuqson xizmatlari uchun”, “Aʼlo xizmatlari uchun”, “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” koʻkrak nishonlari, “Faxriy yorliq”, “Esdalik qoʻl soati” hamda boshqa mukofotlar bilan taqdirlandi. Bir nafar xodimga kitoblar jamlanmasi topshirildi.
Tadbirda Ichki ishlar organlari faxriylari, IIO litseyi oʻquvchilari hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi. Faxriylar safidan biri nafari “Ichki ishlar organlarining faxriy xodimi” koʻkrak nishoni bilan, yana biri esa vazirlikning esdalik qoʻl soati bilan mukofotlandi.
Vazirlik buyrugʻiga asosan, yana bir xodimga ragʻbat tariqasida “podpolkovnik” maxsus unvoni berildi. Shuningdek, tadbir yakunida viloyat IIOda xizmat vazifalarini vijdonan ado etib, yuqori natijalarga erishgan 500 nafarga yaqin xodim pul mukofoti bilan ragʻbatlantirilgani eʼlon qilindi.
Mukofotlarni topshirish jarayonida Bosh boshqarma boshligʻi xodimlarning fidokorona mehnati va erishayotgan yutuqlari butun jamoaga oʻrnak boʻlishini taʼkidlab, ularni bundan keyin ham yuksak natijalarga erishishiga ishonch bildirdi.