Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik boʻlimi va Ohangaron shahar Ichki ishlar boʻlimi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida , Telegram ijtimoiy tarmogʻida “Alisher Usmonov aksiyasi ” nomli 200 dan ortiq guruh ochib , fuqarolarni “Aksiyada 20 million soʻm mukofotiga ega boʻldingiz ” kabi soʻzlar bilan aldab , pul mablagʻlarini oʻzlashtirayotgan 7 nafar shaxs qoʻlga olindi .
Maʼlum boʻlishicha , Ohangaron shaharida yashovchi 25 yoshli (Sh .B .) oʻz xonadonida Fargʻona viloyatida yashovchi 18-25 yosh orasidagi 6 nafar shaxslarni jalb qilgan holda Telegram orqali “Alisher Usmonov aksiyasi ” nomi bilan 200 dan ortiq guruh ochib , faoliyat yuritgan .
Guruhda fuqarolarga yutuq chiqqanligi haqida yolgʻon maʼlumotlar yuborilib , yutuqni olish uchun badal puli talab qilingan va turli miqdordagi pul mablagʻlarini boshqa shaxslar nomidagi bank kartalariga tushirib oʻzlashtirganliklari aniqlangan .
Tadbir davomida mazkur xonadondan 4 dona kompyuter , 11 dona telefon , Wi-Fi qurilmalari hamda turli bank kartalari daliliy ashyo sifatida olindi .
Dastlabki surishtiruvlarga koʻra , ushbu guruhning har bir aʼzosiga alohida vazifa belgilangan . Bir shaxs soxta chek tayyorlab , guruhlarni nazorat qilsa , boshqasi reklama tarqatish va guruhlarga odam yigʻish bilan shugʻullangan .
Shuningdek , yana biri fuqarolar bilan muloqotga kirishish vazifasini bajargan boʻlsa boshqasi kunlik pul tushumlarini bankomatlar orqali naqdlashtirish bilan shugʻullangan .
Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “g ” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi . Dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda .