Telegram va Instagramʼda tashkil etilgan katta “firibgarlik” fosh etildi
Toshkent viloyatida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz kibermakon” tezkor-profilaktika oyligi doirasida “online kiyim doʻkoni” niqobi ostida tashkil etilgan “firibgarlik” fosh etildi.
Maʼlum boʻlishicha 4 nafar shaxslar oson daromad orttirish maqsadida “Instagram” hamda “Telegram” tarmoqlari orqali “erkaklar kiyimlari savdosi” niqobi ostida soxta sahifalar ochib, arzon narxlarda mahsulotlar taklif qilganlar. Ular xaridorlardan oldindan pul oʻtkazishni soʻrab, mablagʻlarni begonalarga tegishli bank kartalariga tushirishgan va shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab kelganlar.
Misol uchun, joriy yil 11-iyun kuni Toshkent tumanida yashovchi fuqaro “Instagram” orqali ularga bogʻlanib, reklama qilingan kiyimni sotib olish uchun 1 million soʻmni ular koʻrsatgan karta raqamiga oʻtkazib bergan. Biroq pul oʻtkazilgach, barcha yozishmalar oʻchirilib, muloqot toʻxtatilgan.
Dastlabki tergov jarayonida aniqlanishicha, soʻnggi bir oy davomida ular fuqarolarning jami 279 ta bank plastik kartalaridan aldov yoʻli bilan 101 million soʻmdan ortiq mablagʻlarni qabul qilib olishgan.
Mazkur holat yuzasidan ushbu shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatildi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Shu oʻrinda Toshkent viloyati IIBB fuqarolarni yana bir bor ogohlikka chaqiradi!
Onlayn xaridda shoshilmang, oldindan pul oʻtkazmang. Arzon eʼlonlarga aldanmang, faqat ishonchli sahifalardan foydalaning. Shubhali holatlarda esa darhol ichki ishlar organlariga xabar bering. Ogoh boʻling.