Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik boʻlimi va Angren shahar IIB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirlar natijasida ustaxonada qoldirilgan telefon orqali oʻzganing pullarni oʻgʻirlagan shaxs aniqlanib, ushlandi.
Angren shahrida yashovchi fuqaro ichki ishlar boshqarmasiga murojaat qilib, oʻzining bank kartasidan 9 mln soʻm mablagʻ nomaʼlum tarzda yechib olinganini maʼlum qilgan va ushbu holat yuzasidan qonuniy chora koʻrishni soʻragan.
Olib borilgan tezkor surishtiruvlar natijasida, mazkur holatni Angren shahrida yashovchi, 31 yoshli (S.S.) sodir etgani aniqlangan.
Maʼlum boʻlishicha, jabrlanuvchi telefoni nosozligi sabab uni taʼmirlash uchun usta (S.S.)ga topshirgan. Telefon ustasi sifatida faoliyat yurituvchi ushbu shaxs telefonni taʼmirlash jarayonida undagi mobil ilovalar orqali bank kartasiga kirish imkoniyatini qoʻlga kiritgan.
Oradan vaqt oʻtib u fuqaroning hisobiga tushgan 9 mln soʻmni oʻzining bank kartasiga oʻtkazgan va oʻzlashtirilgan mablagʻni shaxsiy ehtiyojlari uchun sarflab yuborilgan.
Hozirda gumonlanuvchi (S.S.) protsessual tartibda ushlangan va unga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 169-moddasi 3-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.