18 Dekabr 2021 yil 389

“Sogʻlom va barkamol oila” respublika sport musobaqasining Toshkent viloyati gʻolibi aniqlandi

Toshkent viloyati 3-sektor hududida yashovchi oilalar oʻrtasida sport musobaqasi boʻlib oʻtdi.

Aholini sportga qiziqtirish, hududlarda ommaviy sportni rivojlantirish maqsadida respublika 3-sektorlarida IIV sovrini uchun “Sogʻlom va barkamol oila” shiori ostida sport musobaqalari boʻlib oʻtmoqda.

Shu munosabat bilan kecha, 17 dekabr kuni Qibray tumanida Toshkent viloyati 3-sektorda yashayotgan oilalar oʻrtasida ham sport musobaqalari tashkil etildi. Unda 22 ta shahar-tumandan ishtirok etgan oilalar, stol tennisi, shashka va shaxmat hamda quvnoq startlar boʻyicha bellashdilar.

Qizgʻin bahslarga boy boʻlgan oʻyinlar hakamlar tomonidan baholandi. Yakuniy natijalarga koʻra, uchinchi oʻrinni Yuqori Chirchiq tumanidan Kurmashevlar (8 ball), ikkinchi oʻrinni Chirchiq shahridan Davlatovlar (9 ball) hamda birinchi oʻrin va respublika yoʻllanmasini Chinoz tumanidan Xolbayevlar oilasi (11 ball) qoʻlga kiritdi.

Tadbir yakunida gʻolib va faol ishtirok etgan oilalar viloyat IIBB boshligʻining faxriy yorligʻi, tashakkurnomasi va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.

IIBB Axborot xizmati

Text to speech