Yuqori Chirchiq tumani “Fayzobod” mahallasi hududida viloyat IIBB 2-mintaqaviy hudud Patrul-post xizmati xodimlari tomonidan sintetik giyohvandlik vositalarini “zakladka” usulida tarqatib kelayotgan shaxslar qoʻlga olindi.
Xizmat davomida shubhali harakat qilgan 25 yosh atrofidagi ikki shaxs xodimlar eʼtiborini tortgan. Fuqaro (J.M. va J.A.)larga tegishli “Onix” rusumli avtomashina xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, transport vositasidan 530 dona turli hajm va koʻrinishda qadoqlangan sintetik giyohvand moddalar hamda kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari aniqlandi.
Topilgan moddalar IIB tezkor xodimi ishtirokida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirildi. Maʼlum boʻlishicha, ushbu shaxslar giyohvandlik vositalarini yashirin joylarga (“zakladka” usulida) joylashtirish maqsadida olib kelgan.
Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Eslatib oʻtamiz, giyohvandlik moddalari bilan qonunga xilof muomala qilish 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.