Psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi daliliy ashyo sifatida olindi
Respublika miqyosida jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish va fuqarolar xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan xavfsiz hudud, xavfsiz tun, keng qamrovli tezkor profilaktik tadbirlar o‘tkazilayotgani haqida xabar qilingan.
Ushbu tadbirlarga bir qator hamkor tashkilotlar bilan birga, IIOning barcha sohaviy xizmatlari jalb etilib, kuchaytirilgan tartib yo‘lga qo‘yilgan.
Tadbir doirasida psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yish, ularni yoshlar orasida tarqalishining oldini olishga alohida eʼtibor qaratilgan.
Jumladan, shu kabi tadbir davomida 1996-yilda tug‘ilgan S.A. shartli xaridorga 4 dona kuchli taʼsir qiluvchi va psixotrop dori vositalarini 280 ming so‘mga sotayotgan vaqtida ushlandi.
Jarayonda xolislar ishtirokida uning boshqaruvidagi avtomashina ko‘zdan kechirilganda mashina ichida ham 16 dona mazkur dori vositalaridan borligi aniqlangan.
Shundan so‘ng, tuman prokuraturasining qaroriga asosan ushlagan shaxsning yashash xonadoni tintuv qilinganda, xonadonda 200 ga yaqin psixotrop va kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari saqlab kelinayotganligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirib olingan.
Hozirda ushlangan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakati olib borilmoqda.
IIBB Axborot xizmati