17 Iyun 2025 yil 1742

Psixofaol dori vositalarini Andijondan Poytaxtga olib oʻtayotgan shaxslar Toshkent viloyatida qoʻlga olindi

Respublika boʻylab giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarining noqonuniy aylanishiga, jumladan ularni saqlash, isteʼmol qilish, yetishtirish hamda realizatsiya qilish holatlarini aniqlash va oldini olishga qaratilgan Qoradori – 2025” keng koʻlamli tezkor-profilaktik tadbirlari izchil davom ettirilmoqda.

Jumladan, Angren shahar ichki ishlar boshqarmasi va DXX hududiy boʻlinmasi xodimlari hamkorligida navbatdagi tezkor tadbir oʻtkazildi.

Angren shahrida oʻtkazilgan tadbir davomida Andijon viloyatida yashovchi, 40 yoshli fuqaro (S.T.) oʻziga tegishli Nexia rusumli avtomashinasida 597 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini poytaxtga olib ketayotgan vaqtida daliliy ashyolar bilan qoʻlga olindi.

Shundan so'ng tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsni dori vositalari bilan taʼminlab kelayotgan, 1993-yilda tugʻilgan fuqaro (O.N.) ham 900 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasini 2 500 AQSh dollariga nazorat ostidagi xaridorga sotayotgan vaqtda qoʻlga olindi. Holat yuzasidan daliliy ashyolar rasmiylashtirildi.

Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxslarga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 251¹-moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Taʼkidlash joizki, “Qoradori – 2025” tadbirlari doirasida oʻtgan 30 kun mobaynida Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizimlari tomonidan 217 ta jinoyat holati aniqlanib, noqonuniy muomaladan jami 17 kilogramm turli nomdagi giyohvandlik va sintetik moddalar, shuningdek 11 242 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari olindi. Tadbirlar davomida 765 tup giyohvandlik oʻsimliklari aniqlanib, belgilangan tartibda yoʻq qilindi.

Giyohvandlik vositalarining noqonuniy muomalasiga qarshi kurashish boʻyicha tezkor va profilaktik chora-tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.

Text to speech