7 Yanvar 2024 yil 6518

Otam bilan faxrlanaman

Bahor kelib, borliq yashillikka burkangan, odamlarga yaxshilik istagan dillar zavqyob palla edi. Ammo ona tabiatning ana shunday go‘zalligiga qaramasdan, qalbida yovuzlik ungan bir guruh terrorchilar 2004-yilning 28-29-mart kunlari Toshkent shahri va Buxoro viloyatida qo‘poruvchilik harakatlarini amalga oshirgani haligacha vatandoshlarimiz qalbini larzaga soladi.

Manfur kimsalarning jirkanch xatti-harakatlari oqibatida ko‘plab begunoh insonlar, alalxusus, yurt ravnaqi va uning tinchlik-xotirjamligi yo‘lida bor kuch-g‘ayrati va salohiyatini ayamaydigan zabardast yigitlar ham hayot bilan vidolashdi. Toshkent viloyatining Parkent tumanida dunyoga kelgan militsiya starshinasi Vahobidjon Nuriddinov ham xalq osoyishtaligi yo‘lida jonini nisor etgan mardlardan biri edi.

Safdoshlari bilan Qibray tumanidagi “Qoramurt” blok-postiga xizmatga yuborilgan Toshkent viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi yo‘l-patrul xizmati batalyonining safarbarlik guruhi inspektori poytaxtimizda yuz bergan noxush voqealar bois ancha sezgir va hushyor edi. Transport vositalarini sinchkovlik bilan tekshirayotgan Vahobidjon “Tiko”ning salonini ko‘zdan kechirayotib, xavfli qurollar va turli qo‘poruvchilik ashyolarini yashirin ravishda shaharga olib kirayotgan g‘alamislarni aniqlaydi. Siri fosh bo‘lganligini sezgan manfur kimsalardan biri zudlik bilan tanasidagi portlovchi moslamani harakatga keltirib yuboradi. Vahobidjon hayotini qurbon qilib bo‘lsa-da, katta xatarning oldini olishga munosib hissa qo‘shadi.

O‘sha mash’um kunda uydan chiqib ketayotib, negadir o‘ychan holatda ortiga qaytdi,-deydi turmush o‘rtog‘i Dilorom Nuriddinova. Xuddi ko‘ngli biror narsani sezgandek, “ota-onam va bolalarimga yaxshilab qara” degancha, xizmatga otlandi. O‘sha tobda farzandlarimning otasini oxirgi marta ko‘rayotganligim hecham xayolimga kelmagan edi.

O‘z burchiga sodiq qolgan, ona Vataniga, xalqiga mehr-muhabbat va sadoqat bilan xizmat qilgan mard o‘g‘lonning o‘limi o‘zi tug‘ilib o‘sgan butun Nomdanak qishlog‘i uchun og‘ir judolik bo‘ldi. Barcha yosh-u qari ko‘ziga yosh olib, unga aza tutishdi.

Bu foniy dunyoda sirdosh do‘stingdan ajralishdan kattaroq fojia bo‘lmasa kerak,-deydi Vahobidjonning tengdoshi Zoir Temirboyev. Uning hayotlik chog‘larida erishgan yutuq va muvaffaqiyatlari biz uchun ibrat bo‘lib qoldi.

Vafotidan so‘ng mamlakatimiz Prezidentining farmoniga binoan, “Jasorat” medali bilan mukofotlangan Vahobidjon Nuriddinovning sharafli kasbini o‘g‘li davom ettirmoqda. Hozirda Toshkent viloyati IIBB JXX YHXB videokuzatuv guruhi inspektori lavozimida xizmat qilayotgan safdor Abrorjon Jumanov otasi bilan haqli ravishda faxrlanishini aytdi.

Men vazirlik va davlatimiz rahbariyatidan behad minnatdorman,-deydi Abrorjon. Chunki otamning kasbini egallashim uchun, dastlab, IIV Ixtisoslashtirilgan maktab-internatiga, so‘ngra ichki ishlar organlariga imtiyozli ravishda xizmatga qabul qilindim, endilikda O‘zbekiston milliy universitetida tahsil olish sharafiga muyassar bo‘ldim.

Kelajakda oliy ma’lumotli ofitser bo‘lishni maqsad qilgan A. Jumanov ustozi, iste’fodagi podpolkovnik Dilshod Yusupovdan sohaga oid bilim va ko‘nikmalarni o‘rganib, bugungi kunda ularning barchasini amaliyotda qo‘llab kelmoqda.

Oilada ham o‘z o‘rniga ega bo‘lgan Abrorjon turmush o‘rtog‘i Ziyodaxon bilan Amirxon ismli o‘g‘lini tarbiyalab, voyaga yetkazmoqda. Kelajakda u ham otasi va bobosi kabi osoyishtalik posboni bo‘lishni niyat qilgan.

Mixli SAFAROV, o‘z muxbirimiz. “Postda”


               

Text to speech