Toshkent viloyati Olmaliq shahrida, ichki ishlar organlari harbiy xizmatchi ayollari va xodimalari oʻrtasida anʼanaviy tarzda “Toʻmaris izdoshlari” Respublika musobaqasi oʻtkazildi. Bellashuvda yurtimizning turli hududlaridan kelgan jamoalar oʻz isteʼdodi, bilim va mahoratlarini namoyish etdilar.
Musobaqa tanishuv, ijodiy chiqishlar, harbiy va jismoniy tayyorgarlik, bilimdonlik hamda turmush mahorati kabi qator shartlarni oʻz ichiga oldi. Har bir bosqichda qizgʻin bahs va sogʻlom raqobat kuzatilib, ishtirokchilarning tayyorgarligi va mahorati tadbirga oʻziga xos ruh bagʻishladi.
Alohida shartlarda ham jamoalarning ustunligi yaqqol koʻzga tashlandi. Jumladan, Navoiy viloyati IIB jamoasi quroldan oʻq otishda, Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV esa suzish shartida yetakchilik qildi. Xorazm viloyati IIB jamoasi “Epchil, tejamkor va orasta beka” yoʻnalishida, Qashqadaryo viloyati IIB esa bilimdonlikda alohida ajralib turdi.
Yakuniy natijalarga koʻra, IIV Akademiyasi mutlaq gʻolib deb topildi. Qoraqalpogʻiston Respublikasi IIV ikkinchi oʻrinni, shuningdek Qashqadaryo viloyati IIB va Toshkent viloyati IIBB jamoalari uchinchi oʻrinni egalladi.
“Toʻmaris izdoshlari” musobaqasi xotin-qizlarning kasbiy va shaxsiy mahoratini oshirish, sogʻlom raqobatni kuchaytirish hamda ularning ichki ishlar organlaridagi faoliyatini qoʻllab-quvvatlashga xizmat qilmoqda.