“Doim ochiqlik va shaffoflikka tayyormiz, faqat qonun va mezon doirasida” – IIV matbuot kotibi bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi
Xabar berilganidek, bugun Toshkent viloyati IIBBda “Jamoatchilik bilan ishlash, ushbu yo‘nalishdagi muammo kamchiliklar yechimi yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida Ichki ishlar vazirining matbuot kotibi, polkovnik Shoxrux G‘iyosov hamda jurnalist va blogerlar ishtirokida ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Jurnalist, blogerlar jamoatchilik vakillari hamda viloyat IIBB masʼullari ishtirok etgan uchrashuvda, sohada olib borilayotgan ishlar, erishilgan yutuqlar va yo‘l qo‘yilayotgan kamchiliklar ochiq muhokama qilindi.
Jumladan, viloyat IIO xodimlari va fuqarolari bilan sodir bo‘lgan turli holatlar ijtimoiy tarmoqlarda muhokama bo‘lgani, unda jurnalist va blogerlarning (virtual) ishtiroki hamda jarayonning huquqiy va boshqa oqibatlari tushuntirildi, fikr almashildi.
Muloqot davomida, Shoxrux G‘iyosov so‘nggi vaqtlarda ichki ishlar organlarida faoliyat olib borayotgan xodimlarning turli xatti-harakatlari, yaʼni o‘z xizmat vazifasiga sovuqqonligi yoki xizmat jarayonidagi ishini yaxshi bilmasligi natijasida jamoatchilik o‘rtasida muhokamaga sabab bo‘layotgani, bu borada ular o‘rtasida to‘g‘ri fikrni shakllantirishda OAVning o‘rni va roli alohida ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.
Shuningdek, so‘ngi vaqtlarda ayrim “jurnalist va blogerlar” axborotni bir tomonlama (ikkinchi tomondan izoh olmasdan) ommaga eʼlon qilishi, keng jamoatchilikda noo‘rin fikr shakllanishiga olib kelayotgani haqida alohida to‘xtaldi va tizim doimo ochiqlik va shaffoflikka tayyorligini, faqat barchasi qonun va mezon doirasida bo‘lishi zarurligini tushuntirdi. Ishtirokchilarni qiziqtirgan savollarga javob va huquqiy maslahat berildi.
Tadbir so‘ngida matbuot kotibi qatnashchilarga tizim bilan bog‘liq masalalar yuzasidan murojaat qilishlarini va vakolati doirasida qonuniy yechimiga ko‘maklashishini maʼlum qildi.
IIBB Axborot xizmati