Yoshlar oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va ularni sportga keng jalb etish maqsadida Nurafshon shahar Ichki ishlar boʻlimi tashabbusi bilan voleybol boʻyicha “IIB boshligʻi kubogi” musobaqasi oʻtkazildi.
Musobaqada shahar hududidagi umumtaʼlim maktablarining oʻsmirlar jamoalari ishtirok etib, oʻzaro bellashdilar. Oʻyinlar davomida yosh sportchilarning mahorati, jamoaviy uygʻunligi va gʻalabaga boʻlgan intilishi tomoshabinlarda katta taassurot qoldirdi.
Musobaqa yakuniga koʻra, 1-oʻrinni — 48-maktab jamoasi, 2-oʻrinni — 4-maktab jamoasi, 3-oʻrinni — 1-maktab jamoasi egalladi. Gʻolib jamoalar Nurafshon shahar IIB boshligʻi tomonidan diplom, kubok va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Taʼkidlanganidek, bunday sport musobaqalari yoshlarning boʻsh vaqtlarini mazmunli oʻtkazish, jamoaviy ruhni mustahkamlash hamda sogʻlom va vatanparvar yoshlarni tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.