“Eng yaxshi kitobxon xodima” koʻrik-tanlovi va “Zakovat” intellektual oʻyini tashkil etildi
Ichki ishlar organlarida maʼnaviy-maʼrifiy ishlar samaradorligini oshirish, xotin-qizlarning intellektual salohiyatini, tafakkurini va dunyoqarashini kengaytirish hamda xodimlar orasida faol kitobxonlar safini kengaytirish maqsadida Toshkent viloyati ichki ishlar organlarida “Eng yaxshi kitobxon xodima” koʻrik-tanlovi oʻtkazildi.
Tanlovda viloyat ichki ishlar organlarining turli yoʻnalishlarida faoliyat olib borayotgan 30 dan ortiq xodima ishtirok etdi. Tanlov bir necha bosqichdan iborat boʻlib, unda ishtirokchilarning kitoblar boʻyicha bilimlari, oʻqigan asarlardan olgan xulosalari va ularni amaliy faoliyatga tatbiq eta olish qobiliyatlari sinovdan oʻtkazildi. Har bir bosqichda xodimlar oʻzlarining bilimlarini namoyish etish bilan birga, ijodiy yondashuv va muhokamalarda faol ishtirok etishdi.
Tanlovning yakuniy natijalari asosida quyidagilar gʻolib deb topildi:
1-oʻrin: katta leytenant Nigina Yoʻldosheva (IIBB Xavfsiz turizmni taʼminlash boshqarmasi);
2-oʻrin: podpolkovnik Mahfuza Sirojova (IIBB Voyaga yetmaganlarga yordam koʻrsatish markazi);
3-oʻrin: leytenant Laylo Doniyorova (Qibray tumani IIB) qoʻlga kiritdi.
Shuningdek, jarayonda xodimalarning intellektual bilimlari sinovdan oʻtkazilib, hamkorlikdagi tashkilotlar bilan guruhlar oʻrtasida “Zakovat” oʻyini tashkil qilindi. Tadbir soʻngida gʻoliblarga esdalik sovgʻalari va diplomlar topshirildi. Bu kabi tanlovlar kelgusida ham muntazam tashkil etilib, xodimlarning maʼnaviy va intellektual salohiyatini oshirishga qaratilgan saʼy-harakatlarning muhim qismi boʻlib qoladi.