Chinor YPX maskanida viloyat IIO xodimlari tomonidan tekshirilgan “Tracker” avtomobili yukxonasida 57.600 dona pirotexnika va 348 quti noqonuniy tamaki mahsuloti borligi aniqlandi.
Fargʻona–Toshkent yoʻnalishida harakatlanib kelayotgan “Tracker” rusumli avtomobil Ohangaron tumani “Chinor” YPX maskanida ichki ishlar xodimlari tomonidan toʻxtatildi.
1989-yilda tugʻilgan haydovchi (B.M.) boshqaruvidagi transport vositasi tekshirilganda, avtomobil yukxonasida noqonuniy olib oʻtilayotgan 57.600 dona pirotexnika vositalari hamda 348 quti tamaki mahsuloti borligi aniqlangan. Hozirda holat boʻyicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, tergovga qadar surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib oʻtamiz: pirotexnika vositalari shuningdek tamaki mahsulotlarining noqonuniy aylanmasi qonun bilan taqiqlanadi. Bu harakatlar maʼmuriy va jinoiy javobgarlikka sabab boʻladi.