Aholining muammolarini oʻz vaqtida va samarali hal etishga qaratilgan navbatdagi ochiq muloqot uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Qabul davomida viloyat aholisining murojaatlari IIBB boshligʻi, polkovnik Abduvosit Abdurazakov tomonidan koʻrib chiqildi.
Fuqarolar ichki ishlar organlari faoliyatiga doir 30 ga yaqin masalalar — xizmatga tiklash, tergov-surishtiruv jarayonlari, kiberxavfsizlik, huquqbuzarliklar profilaktikasi va boshqa yoʻnalishlardagi muammolar yuzasidan murojaat qilishdi. Har bir murojaat tinglanib, tegishli chora-tadbirlar belgilandi.
Murojaatlarning aksariyati qabul jarayonining oʻzida ijobiy hal etildi. Ayrim masalalar boʻyicha esa masʼullarga aniq topshiriqlar berilib, ijrosi nazoratga olindi. Taʼkidlash joizki, viloyatning barcha shahar va tumanlarida hududiy IIB rahbarlari tomonidan ham shaxsiy qabullar muntazam oʻtkazilib kelinmoqda.