18 Dekabr 2021 yil 1341

Maktabda janjalni oldini olayotgan o‘quvchiga jarohat yetkazgan shaxsga jinoyat ishi ochildi

Ijtimoiy tarmoqda “Toshkent tumanidagi 18-maktabda o‘quvchilar o‘rtasida ommaviy janjal” izohi bilan video xabar tarqatildi. Mazkur holat Toshkent tumani IIB xodimlari tomonidan o‘rganildi.

Maʼlum bo‘lishicha, 2021 yil 30 noyabr kuni soat taxminan 10:00 larda Toshkent tumanida joylashgan 9-maktab sport zalida, tuman XTBga qarashli 18-maktab o‘quvchilari va 31-maktab o‘quvchilari o‘rtasidagi basketbol musobaqasi jarayonida o‘zaro janjal kelib chiqqan.

Musobaqada kuzatuvchi bo‘lgan 2001 yil tug‘ilgan S.A. sport zalda o‘zaro janjallashayotgan maktab o‘quvchilarini bezorilik harakatlarini oldini olish chorasini ko‘rayotgan, voyaga yetmagan 2004 yil tug‘ilgan X.V. (18-maktab o‘quvchisi)ni (jamiyatda yurish turish qoidalarini qasddan mensimasdan)  hech bir sababsiz yuz sohasiga urib tan jarohati yetkazgan.

Sudga oid tibbiy ekspertizasiga ko‘ra,  jabrlanuvchi X.V. 6 kundan ko‘p, 21 kundan ko‘p bo‘lmagan muddatga buzilishiga olib kelgan sog‘ligini qisqa muddatga buzilishiga olib kelgan yengil tan jarohati olgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 17-dekabr kuni Toshkent tumani IIB Tergov bo‘limi tomonidan fuqaro S.A. ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi JKning 277-moddasi 3-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shuningdek, IIB masʼullari tomonidan keyinchalik maktablarda shu kabi holatlarning oldini olish yuzasidan maktab rahbariyati va o‘quvchilari ishtirokida profilaktik suhbat o‘tkazilib, ushbu holat muhokamaga qo‘yildi. Jarayonda kuzatuvchi bo‘lgan ayrim o‘quvchi va maktab xodimlari ogohlantirildi.

IIBB Axborot xizmati

Text to speech