Mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish yuzasidan nazorat ishlari izchil davom etmoqda
Toshkent viloyatida jinoyatchilikka qarshi kurashish, mahallalarda xavfsiz muhitni taʼminlash maqsadida viloyat IIBB boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari, polkovnik Ortiq Xudaybergenov Yangiyo‘l tumanida bo‘lib, “qizil” toifadagi mahallalarda o‘rganish ishlarini olib bordi.
Jumladan, «Jambul» mahallasida olib borilgan o‘rganishlar davomida ichki ishlar organlari va mahalla yettiligining faoliyati tahlil qilinib, amalga oshirilayotgan profilaktik chora-tadbirlar muhokama qilindi. Natijadorlikni oshirish yuzasidan zarur tavsiyalar berildi va aniq vazifalar belgilandi.
Jinoyatchilikning oldini olish, ijtimoiy xavf omillarini kamaytirish bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar belgilab olindi. Ichkilikka ruju qo‘ygan, giyohvandlikka moyil hamda ruhiy nosog‘lom shaxslarni davolash va reabilitatsiya qilish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Bu borada tegishli mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlik mustahkamlanmoqda. “Raqamli xavfsiz mahalla” loyihasi asosida kuzatuv tizimlari takomillashtirilmoqda hamda jinoyatchilikka doir maʼlumotlarni tezkor tahlil qilish imkoniyatlari kengaytirilmoqda.
Shuningdek, viloyatda o‘tkazilayotgan “Sog‘lom avlod – xavfsiz jamiyat” tezkor-profilaktik tadbiri doirasidagi faoliyat ham ko‘rib chiqildi. Tadbirlarni yana-da samarali va uyushgan tarzda tashkil etish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Toshkent viloyatida “qizil” toifadagi mahallalarda xavfsiz muhitni shakllantirish borasidagi izchil chora-tadbirlar davom etmoqda.