Mahallalarda xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar Toshkent viloyati IIBB boshligʻi, general-mayor Tohir Aripov boshchiligida oʻrganildi
Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi boshligʻi, general-mayor Tohir Aripov Oʻrta Chirchiq tumanining “Qorasuv” mahallasi va Nurafshon shahridagi “Dehqonobod” mahallalarida bo'lib, xavfsiz muhitni yaratish va huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrgandi. Jarayonda tuman va shahar sektor rahbarlari, “mahalla yettiligi” aʼzolari hamda boshqa masʼul tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
3-sektor rahbari mahallalarda osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish va fuqarolarning tinch-totuv yashash sharoitini yaratish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlarni muhokama qildi. Kriminogen vaziyati ogʻir boʻlgan va “qizil” toifaga kiritilgan mahallalarga alohida eʼtibor qaratildi. Buning uchun maxsus “yoʻl xaritasi” ishlab chiqilib, masʼul rahbarlar biriktirildi. Shuningdek, “Namunali xavfsiz koʻcha” va “Namunali xavfsiz yoʻlak” kabi loyihalar joriy etildi, ular orqali mahallalarda tartib-intizomni mustahkamlash va fuqarolarning xavfsizligini taʼminlash asosiy maqsad etib belgilandi.
Tadbirda sektor rahbarlari bilan birgalikda jinoyatchilikning oldini olish hamda kriminogen vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar muhokama qilindi. Xususan, bozorlar, jamoat joylari va koʻchalarda videokuzatuv kameralari, signalizatsiya tizimlari va “tashvish tugmasi” kabi zamonaviy texnologiyalarni oʻrnatish boʻyicha aniq topshiriqlar berildi.
Taʼkidlanganidek, mahallalarda xavfsiz muhitni yaratishda fuqarolarning faol ishtiroki va mahalla tashkilotlari bilan hamkorlik muhim ahamiyatga ega. Ushbu ishlarni muvaffaqiyatli amalga oshirish uchun barcha masʼul tashkilotlar oʻrtasida muntazam muloqot va hamkorlik boʻlishi zarur.
Amalga oshirilayotgan bu kabi tadbirlar osoyishtalikni taʼminlash, jinoyatchilikning oldini olish va xalq farovonligiga, shuningdek, mahallarda xavfsiz muhitni yaratishga xizmat qiladi.