31 Yanvar 2024 yil 8098

Ko‘plab fuqarolarni chuv tushirgan "firibgar" IIB xodimlari tomonidan ushlandi

Toshkent viloyati Yangiyo‘l shahrida 15 nafar shaxsning ishonchiga kirib, ularni aldab nomiga turli markadagi jami 103 mln so‘mlik telefon apparatlarini qarzdorlik, ya’ni bo‘lib to‘lash sharti evaziga rasmiylashtirishga erishib, ushbu vositalarni sotib, pulini o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan shaxslar ushlandi.

Ma’lum bo‘lishicha, Quyi Chirchiq tumanida yashovchi 38 yoshli fuqaro Yangiyo‘l shahar IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan murojaat qilgan. Fuqaro arizasida o‘zini telefon savdosi bilan shug‘ullanuvchi sirdaryolik 22 yoshli X.M. deb tanishtirgan shaxs, Yangiyo‘l shahridagi maishiy texnika do‘konidan nomiga telefon olib bersa evaziga har bir telefon uchun 300 ming so‘mdan naqd pul berishini va bo‘lib to‘lash sharti bilan olingan telefonlarning qolgan pulini 10 kun muddat ichida to‘lab berishini aytib, uni ishontirgani va fuqaro o‘zining nomiga 24 mln so‘mga 3 dona telefon olib berganini ma’lum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Yangiyo‘l shahar IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida, ushbu qilmishni 2002 y.t. X.M. va 1983 y.t. R.T. (ayol) sodir qilganligi aniqlanib, ushlandi. Ma’lumotga ko‘ra, ushbu shaxslar yuqorida keltirilgani kabi yana 14 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularning nomiga turli markadagi jami 103 mln so‘mlik telefon apparatlarini rasmiylashtirishiga erishib, telefonlarni sotib shaxsiy ehtiyojlari uchun ishlatib yuborgan.

Mazkur holat yuzasidan Yangiyo‘l shahar IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan ushlangan X.M. va R.T. ga nisbatan JKning 168-moddasi 3-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech