11 May 2024 yil 11441

Ko‘p miqdordagi kuchli ta’sir qiluvchi dorilarni sotish maqsadida saqlayotgan shaxs IIBB xodimlari tomonidan daliliy ashyo bilan ushlandi

Joriy yilning 1-may kunidan 30-may kuniga qadar Toshkent viloyati hududida tarkibida giyohvandlik, psixotrop va kuchli ta’sir qiluvchi moddalar bo‘lgan dori vositalari bilan bog‘liq har qanday holatni aniqlab fosh etishga qaratilgan “Qora dori-2024” keng qamrovli tezkor profilaktik oyligi o‘tkazilmoqda.

Qora dori-2024 oyligi doirasida viloyat IIBB va Chirchiq shahar IIB tezkor qidiruv xizmati xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda, Chirchiq shahrida yashovchi 1981-yilda tug‘ilgan ayol (B.N.) shubhali harakatlari uchun yashash hududida to‘xtatilib tekshirilganda, qo‘lida bo‘lgan ayollar sumkasida 498 dona “zardeks” va 16 dona “tropikamid” kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi borligi aniqlanib, ushlangan.

Surishtiruvlar davomida ushbu ayol yashash xonadonida keyinchalik sotish maqsadida 1 605 dona turli ko‘rinishdagi kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini saqlab kelganligi aniqlangan. Umuman olganda, o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida “qora bozordagi” narxi 205 million so‘mga teng bo‘lgan 2 119 dona kuchli ta’sir qiluvchi dorilar daliliy ashyo sifatida hujjatlashtirilib, muomaladan olingan.

Hozirda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

Text to speech