22 Oktyabr 2025 yil 173

Internetda arzon “iPhone”lar taklif qilib fuqarolar pullarini oʻzlashtirgan shaxs qoʻlga olindi

Toshkent viloyati IIBB “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlarga qarshi kurash” boshqarmasi xodimlari tomonidan oʻtkazilgan navbatdagi tezkor-profilaktik tadbir davomida “OLX” platformasida bir nechta profil ochib, firibgarlik bilan shugʻullanib kelgan shaxs qoʻlga olindi.

Aniqlanishicha, Yangiyoʻl tumanida yashovchi, 2005 yilda tugʻilgan fuqaro (I.Y.) “OLX” platformasida soxta eʼlonlar joylashtirib, “Telegram”da ayollar ism-shariflari ostida 10 ga yaqin akkaunt yaratgan. U oʻzini boshqa shaxs sifatida tanishtirib, “Iphone” telefonlarni arzon sotish bahonasida fuqarolardan oldindan toʻlov olgan. Mablagʻlarni boshqa shaxslarga tegishli bank kartalariga oʻtkazdirib, shaxsiy ehtiyojlariga sarflab yuborgan.

Oʻtkazilgan tadbir jarayonida jinoyat quroli sifatida foydalanilgan bank kartalari va telefon raqamlari ashyoviy dalil sifatida olingan. Dastlabki tergov davomida Nurafshon, Ohangaron, Oʻrta Chirchiq, Yuqori Chirchiq, Boʻka, Qibray va Toshkent tumanlarida sodir etilgan 8 ta shu kabi jinoyat aynan ushbu shaxs tomonidan amalga oshirilgani fosh etildi.

Mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b, g” bandlari boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

Shu oʻrinda Toshkent viloyati IIBB aholini yana bir bor ogohlikka chaqiradi! Onlayn savdoda oldindan pul oʻtkazmang; Arzon eʼlon va takliflarga ishonmang; Shubhali holatlarda darhol ichki ishlar organlariga murojaat qiling. Ogoh boʻling!

Text to speech