Joriy yilning 14-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi IIV 2-sonli Toshkent akademik litseyida oʻquvchilarining tantanali bitiruv marosimi boʻlib oʻtdi.
Tadbirda Ichki ishlar vazirligi hamda Toshkent viloyati IIBB rahbariyati, Faxriylar kengashi aʼzolari, bitiruvchilar, ularning ota-onalari, litsey pedagoglari hamda faxriy mehmonlar ishtirok etdi.
Soʻzga chiqqanlar bitiruvchilarni mazkur muhim bosqich bilan tabriklab, xizmat faoliyati va shaxsiy hayotda ularga yuksak zafarlar tiladi.
Marosim davomida IIBB Faxriylar kengashi aʼzolari hamda boshqa masʼul rahbarlar tomonidan bitiruvchilarga diplomlar tantanali tarzda topshirildi. Bitiruvchilar, ustozlariga minnatdorchilik bildirib, taʼlim maskanida olgan bilim va tarbiyalari ularning keyingi hayot yoʻllarida poydevor boʻlishini taʼkidlashdi.
Tadbirda shuningdek, ota-onalar, litsey oʻqituvchilari hamda mehmonlar soʻzga chiqib, yoshlarga samimiy tilaklar yoʻlladilar. Orkestr hamda oʻquvchilar tomonidan ijro etilgan shoʻx kuy-qoʻshiqlar tadbirga yanada bayramona kayfiyat bagʻishladi.
Maʼlumot oʻrnida, 2025-oʻquv yili yakunida litseyni jami 182 nafar oʻquvchi tamomlagan boʻlib, ulardan 11 nafari imtiyozli diplom, 2 nafari oltin medal va 3 nafari kumush medal bilan taqdirlandi.
Tadbir yakunida bitiruvchilar saf tartibida yurib, saf maydonida esdalik suratga tushdilar.