19 Mart 2024 yil 2423

IIBB rahbariyatining biriktirilgan yoshlar bilan uchrashuvlari davom etmoqda

Xabar berilganidek, davlat rahbari topshirig‘iga asosan bir million yoshlarni qamrab olgan dastur doirasida yoshlar muammolarini manzilli hal etishga qaratilgan tadbirlar tashkil qilinmoqda. Shu kabi navbatdagi tadbir Chirchiq shahrida o‘tkazildi.

Tadbirda Toshkent viloyati IIBB va shahar IIB mas’ul rahbarlari, tuman mutasaddilari va ichki ishlar organlariga biriktirilgan yoshlar ishtirok etdi.

Tadbir davomida yoshlar  Chirchiq oliy tank komandir-muhandislik bilim yurtida  bo‘lib, muassasaning o‘quv-tarbiya jarayoni, zamonaviy ta’lim vositalari, shuningdek, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari qay darajada joriy etilgani va maskan muzeyi bilan tanishdi. Jarayonda vatan uchun jonini fido qilgan tarixiy sarkardalar, mard va jasur o‘g‘lonlar yod etildi.

Bunda tashqari, yoshlar Chirchiq davlat pedagogika universitetidagi Jadidlar muzeyida bo‘lib, ularning vatan ravnaqi va xalq farovonligi yo‘lida chekkan zahmatlari haqida keng taassurotga ega bo‘lishdi.

Universitet majlislar zalida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda yoshlarning turli mazmundagi murojaatlari tinglanib, yechim topish choralari ko‘rildi. Murojaatlardan kelib chiqib, yoshlarni kasbga o‘qitish, bandligini ta’minlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan shu kabi tadbirlar viloyatning barcha shahar-tumanlarida o‘tkazilmoqda.

Text to speech