13 Avgust 2025 yil 65

Ichki ishlar tizimida raqamli transformatsiya bo‘yicha seminar: Yagona himoyalangan elektron hujjat aylanish tizimi joriy etilmoqda

Mamlakatimizda raqamli transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish, davlat boshqaruvi tizimini samarali va zamonaviy talablar darajasida tashkil etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 22-avgustdagi “2022-2023-yillarda axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasini yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida Ichki ishlar vazirligining tarkibiy va hududiy bo‘linmalari faoliyatiga “yagona himoyalangan elektron hujjat aylanish tizimi”ni joriy etish muhim vazifalardan biri etib belgilangan.

Shu maqsadda IIV ishchi guruhi tomonadan Toshkent viloyatida ichki ishlar organlari xodimlarining elektron hujjat aylanish tizimi bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgan o‘quv seminari o‘tkazildi. Unda tizimni joriy etishdagi texnik va tashkiliy mexanizmlar, axborot xavfsizligi siyosatining asosiy talablari hamda yagona himoyalangan elektron hujjat aylanish tizimining afzallik va qulayliklari tushuntirildi.

Seminar davomida o‘tgan davrda mazkur yo‘nalishda amalga oshirilgan ishlar tahlil qilinib, oldinda turgan ustuvor vazifalar belgilab olindi. Xususan, xodimlarning raqamli ko‘nikmalarini oshirish va axborot xavfsizligini yanada mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Mazkur tizim nafaqat ichki ishlar organlari faoliyatini optimallashtiradi, balki davlat boshqaruvida ochiqlik, shaffoflik va samaradorlikni ta’minlashga hamda hujjat almashinuvini xavfsiz, tezkor va qulay qilib, qog‘oz va boshqa resurslarni tejashga xizmat qiladi.

Raqamli texnologiyalar joriy etilishi orqali fuqarolarga ko‘rsatiladigan xizmatlar sifatini oshirish va ularning huquq va manfaatlarini yanada ishonchli himoya qilish imkoniyati kengayadi.

Text to speech