Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasida “25-oktyabr – Ichki ishlar organlari xodimlari kuni” munosabati bilan tantanali bayram tadbiri boʻlib oʻtdi.
Unda viloyat hokimligi, huquqni muhofaza qiluvchi organlar rahbarlari, soha faxriylari, xizmat burchini bajarish vaqtida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolari hamda shaxsiy tarkib ishtirok etdi.
Tadbir avvalida viloyat hokimi Zoyir Mirzayev soha xodimlarini kasb bayrami bilan samimiy tabrikladi. U oʻz nutqida soʻnggi yillarda ichki ishlar tizimida amalga oshirilayotgan keng koʻlamli islohotlar, ularning samarasi va xodimlarning jamiyat hayotidagi oʻrni haqida soʻz yuritdi. — “Ichki ishlar organlari xodimlari yurt tinchligi, fuqarolar osoyishtaligi va qonun ustuvorligini taʼminlashda fidoyilik bilan xizmat qilmoqdalar. Sizlarning sadoqatingiz, vatanparvarligingiz va halolligingiz — xalq ishonchining mustahkam poydevoridir,” — dedi viloyat hokimi oʻz tabrigida.
Bayram tadbirida Prezident farmoniga asosan “Shuhrat” medali bilan mukofotlangan podpolkovnik Dilshod Hasanov hamda “Sodiq xizmatlari uchun” medali bilan taqdirlangan katta serjant Tuychiboy Shamalov tantanali ravishda tabriklandi. Shuningdek, xizmat burchini vijdonan ado etib, oʻz faoliyatida yuqori natijalarga erishgan xodimlar orasida “Eng yaxshi sohaviy xizmat xodimi — 2025” nominatsiyasi gʻoliblari aniqlanib, ular viloyat hokimi tomonidan esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Tadbirda viloyat IIBB boshligʻi, polkovnik Abduvosit Abdurazakov Oʻzbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining bayram tabrigini oʻqib eshittirdi. Shundan soʻng, 25 nafar xodimga IIVning idoraviy koʻkrak nishonlari, ikki nafar xodimga esa muddatidan avval berilgan maxsus unvonlar topshirildi.
Shuningdek, uzoq yillar davomida ichki ishlar tizimida halol va fidokorona xizmat qilgan rahbar xodim tantanali tarzda pensiyaga kuzatildi. Uning koʻp yillik mehnati, soha rivojiga qoʻshgan hissasi va yosh kadrlarni tayyorlashdagi oʻrni yuksak eʼtirof etildi. Shu bilan birga, hozirda ham tizim faoliyatiga oʻz tajribasi bilan koʻmak berib kelayotgan ikki nafar faxriy pensioner xodim ham mukofot bilan taqdirlandi.
Xizmat burchini bajarish chogʻida halok boʻlgan xodimlarning oila aʼzolariga esdalik sovgʻalari topshirilib, yaqinlarining fidoyiligi va jasorati chuqur ehtirom bilan yodga olindi.
Tadbir yakunida viloyat IIBB boshligʻining buyrugʻiga asosan, 500 nafardan ortiq xodim moddiy ragʻbatlantirilgani eʼlon qilindi. Bayram tantanasi vatanparvarlik ruhidagi kuy-qoʻshiqlar va badiiy chiqishlar bilan davom etdi.