“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Toshkent viloyati IIBB va DXX tezkor xodimlari tomonidan 2 nafar fuqaro “odam savdosi” qurboni boʻlishining oldi olindi
Ichki ishlar vazirligi tomonidan Respublika boʻyicha oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirining ikkinchi bosqichi doirasida Toshkent viloyati Ichki ishlar bosh boshqarmasi va Davlat xavfsizlik xizmati hududiy boʻlinmasi xodimlari hamkorligida navbatdagi tezkor tadbirda ikki shaxs odam savdosi qurboni boʻlishining oldi olindi.
Aniqlanishicha, Qibray tumanida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan (E.K.) ayol Turkiyada yashovchi tanishlari bilan jinoiy til biriktirib, oson daromad orttirish maqsadida Yangiyoʻl tumanida yashovchi 26 va 33 yoshli ikki ayolni aldov yoʻli bilan chet elga yuborishga uringan.
Ularni moʻmay daromad topishga ishontirib, Toshkent xalqaro aeroporti orqali Istanbul shahriga fohishalik uchun yuborayotgan vaqtida tezkor xodimlar tomonidan daliliy ashyolar bilan ushlandi. Keyinroq maʼlum boʻlishicha, jabrlanuvchi 2 nafar ayolni Turkiyaning Istanbul shahrida yashovchi boshqa oʻzbekistonliklar kutib olishi kerak boʻlgan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan ushlangan shaxsga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 135-moddasi - “Odam savdosi” bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, jinoyatga aloqador boshqa shaxslarning shaxsini aniqlash va ularni tergovga jalb qilish choralari koʻrilmoqda.