“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida psixofaol dorilarni sotayotgan shaxs qoʻlga olindi
Respublika miqyosida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbiri doirasida viloyat IIBB va uning quyi tizimlari xodimlari tomonidan giyohvandlik vositalarini saqlash, yetishtirish, isteʼmol qilish va tarqatishga qarshi reydlar oʻtkazilmoqda.
Shu kabi navbatdagi tadbirlardan biri davomida Olmaliq shahrida kuchli taʼsir qiluvchi psixofaol dori vositalarini sotayotgan shaxs daliliy ashyo bilan ushlandi.
Olmaliq shahar ichki ishlar boʻlimi hamda Toshkent viloyati IIBB xodimlari tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda, 1994-y.t. (A.B.) ayol nazoratdagi xaridorga 99 dona psixotrop dori vositasini 300 AQSH dollari va 900 ming soʻmga sotgan vaqtida qoʻlga olindi.
Shuningdek, ushbu ayolning sherigi — 2003-y.t. shaxs (D.D.)dan 6 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositasi topilib, xolislar ishtirokida daliliy ashyo sifatida rasmiylashtirib olindi.
Hozirda ushlangan shaxslarga nisbatan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Giyohvandlikka qarshi kurashish yoʻnalishidagi tezkor nazorat tadbirlari davom ettirilmoqda.