“Xavfsiz va sogʻlom yurt” keng qamrovli tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Toshkent viloyati IIBB va uning quyi tizim xodimlari tomonidan qator jinoiy holatlarning oldi olinmoqda
Respublika miqyosida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari doirasida Toshkent viloyati hududida jamoat tartibini taʼminlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarni oldini olish maqsadida kuchaytirilgan nazorat tadbirlari amalga oshirilmoqda.
Jumladan, axloq va sogʻliqqa qarshi yoʻnalishdagi jinoyatlarni aniqlash boʻyicha viloyat IIBB hamda uning quyi tizimlari xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar davomida, OITS (orttirilgan immunitet tanqisligi sindromi) tarqatilishi bilan bogʻliq 2 ta jinoiy holatlar fosh etildi. Ushlangan shaxslarga nisbatan qonuniy chora koʻrilishi natijasida boshqa fuqarolarga infeksiya yuqishining oldi olindi.
Xususan, Ohangaron shahrida oʻtkazilgan tadbirda 1998-y.t. ayol (Z.R.) 2020-yilda OITS markazida roʻyxatga olinib, rasman ogohlantirilganiga qaramay, 2004-y.t. erkak bilan jinsiy aloqada boʻlgani aniqlangan. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 113-moddasi asosida jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Shuningdek, tadbirlar davomida qoʻshmachilik qilish yoki fohishaxona saqlash bilan bogʻliq 6 ta jinoiy holat fosh etilib barchasi boʻyicha qonun ustuvorligi taʼminlandi.
Bundan tashqari, uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish yoʻnalishida noqonuniy qurol saqlash bilan bogʻliq 3 ta jinoiy holat fosh etildi. Tadbirlar davomida 1 ta jangovar, 7 ta pnevmatik qurol, 4 ta ov miltigʻi hamda 51 dona oʻq-dorilar daliliy ashyo sifatida olindi.
“Xavfsiz va sogʻlom yurt” tezkor-profilaktik tadbirlari viloyat boʻylab izchil davom ettirilmoqda.