Toshkent viloyatida oʻtkazilayotgan “Xavfsiz hudud” tezkor profilaktik tadbiri doirasida Bosh boshqarma Tezkor qidiruv xizmati, Boʻstonliq shahar ichki ishlar boshqarmasi va DXX hududiy boʻlinmasi xodimlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan nazorat tadbiri davomida 1994-yilda tugʻilgan fuqaro E.Z. va uning tengdoshi X.Q. qoʻlga olindi.
Ushbu shaxslar avtomashina eshigining ichki qismida xufiyona tarzda yashirilgan 760 dona turli nom va koʻrinishdagi, kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini olib ketayotgan vaqtda daliliy ashyo bilan ushlangan. Qora bozordagi taxminiy qiymati 10 ming AQSH dollaridan oshuvchi mazkur dori vositalarini Boʻstonliq tumani hududiga olib oʻtish maqsadida olib kelganliklari aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda. Eslatib oʻtamiz, giyohvandlik vositalari va ularning analoglari bilan noqonuniy muomala qilish 20 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.