Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi tomonidan eʼlon qilingan “Xavfsiz kibermakon” tezkor-profilaktik oyligi doirasida Toshkent viloyati IIBB Kiberxavfsizlik xizmati tomonidan jamoat joylari, davlat va nodavlat tashkilotlarda targʻibot tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Mazkur tadbirlarning asosiy maqsadi – fuqarolarning kibermadaniyatini oshirish va kibergigiyena koʻnikmalarini shakllantirishdan iborat. Uchrashuvlarda kiberjinoyatchilarning keng tarqalgan usullari, firibgarlik sxemalari, shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish qoidalari hamda onlayn toʻlovlar va ijtimoiy tarmoqlardan xavfsiz foydalanish haqida tushuntirishlar berilmoqda.
Mutaxassislar aholiga shaxsiy bank kartalari va SMS-kodlarni begonalarga bermaslik, faqat ishonchli platformalardan foydalanish, shubhali havolalarga bosmaslik va qurilmalarda antivirus dasturlarini yangilab turishni qatʼiy tavsiya qilmoqda.
“Xavfsiz kibermakon” oyligi fuqarolarni axborot xurujlari va internet firibgarliklaridan ogohlantirish, ularning ongida masʼuliyatli internet madaniyatini shakllantirishga xizmat qilmoqda.
Toshkent viloyati IIBB barcha fuqarolarni hushyorlikka va shaxsiy maʼlumotlarini himoya qilishga chorlaydi.