4 Aprel 2020 yil 1710

Giyohvandlik moddalari bilan shugʼullanuvchi bir guruh shaxslar qoʼlga olindi

Toshkent viloyati IIBB Jinoyat qidiruv boshqarmasining tezkor xodimlari tomonidan sohaviy xizmatlar bilan hamkorlikda oʼtkazilgan tadbirlar davomida, jami 4 nafar shaxslar qoʼlga olinib, ulardan taxminiy summasi 25 million soʼmga teng boʼlgan jami 332,2 gramm “geroin” va 0,31 gramm “gashish” noqonuniy giyohvandlik vositalari daliliy ashyo sifatida olingan. Ushlangan barcha shaxslarga jinoiy ish qoʼzgʼatilgan.


2020 yilning mart oyida oʼtkazilgan tezkor tadbir davomida, Chirchiq shaharda yashovchi, 1981 yilda tugʼilgan Bahromxon S. shartli xaridorlarga, ogʼirligi 0,51 gramm boʼlgan geroin giyohvandlik moddasini 100 АQSh dollari evaziga sotayotgan vaqtda qoʼlga olingan. Shuningdek, Bahromxon S. xolislar ishtirokida koʼzdan kechirilganda uning yonidan ogʼirligi 0,08 gramm geroin va 0,31 gramm gashish giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olingan va u ushbu vositalarni tanishi Ravshan Y. dan olganligini maʼlum boʼlgan.

Tezkor tadbir davom ettirilib, Chirchiq shahrida yashovchi 1988 yilda tugʼilgan Ravshan Y. shartli mijozga 0,09 gramm geroin giyohvand vositasini 250 ming soʼm evaziga sotayotgan vaqtida daliliy ashyo bilan qoʼlga olingan. Shuningdek, ushlangan shaxs, tadbir davomida ushbu “geroin”larni Zafar А.dan olganini maʼlum qilgan. Zafar А. esa ushbu giyohvandlik vositasini tanishi “Hasan” ismli shaxsdan olganligi aniqlangan.

Bekobod shahrida yashovchi 1990 yilda tugʼilgan Hasan P. shartli mijozga ogʼirligi 200 gramm boʼlgan “geroin” giyohvandlik vositasini 15 million soʼm evaziga sotayotgan vaqtida ushlangan. Shuningdek, uning boshqaruvida boʼlgan Nexia avtomashinasi xolislar ishtirokida koʼzdan kechirilganda, mashina salonidan 131,5 gramm boʼlgan geroin giyohvandlik vositasi borligi aniqlanib, xolislar ishtirokida hujjatlashtirilib olingan.


Mazkur holat yuzasidan, Toshkent viloyati IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan ushlangan 4 nafar shaxslarga nisbatan, Oʼzbekiston Respublikasi JKning 273-moddasi 5-qismi bilan jinoiy ish qoʼzgʼatilgan. Ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan.

IIBB Аxborot xizmati

Text to speech