16 Noyabr 2021 yil 690

Giyohvand modda bilan ushlangan shaxs “ishni yopish” evaziga inspektorga pora taklif qildi

Joriy yilning 13 noyabr kuni Zangiota tumani “Bog‘zor” MFY yashovchi fuqaro xonadonida oilaviy janjal bo‘layotganligi sababli hududiy IIB profilaktika inspektori leytenant D.Zikirov mazkur xonadonga borgan.

Inspektor xonadon egasi 1959 yilda tug‘ilgan A.S. bilan profilaktik suhbat davomida, hovlida turgan ikki qopda giyohvand moddaga o‘xshash o‘tkir hidli o‘simlik va 4 kg yaqin quritilgan giyohvand modda urug‘i borligini aniqlagan.

Shundan so‘ng, xonadon ko‘zdan kechirilganda 3 ta 3 litrli shisha idishda ham yashilsimon modda urug‘i borligi aniqlangan va ushbu daliliy ashyolar xolislar ishtirokida dalolatnoma tuzib olingan.

Holat yuzasidan dastlabki surishtiruv olib borilayotgan vaqtda, fuqaro A.S.ning o‘g‘li 1988 yilda tug‘ilgan S.A. kelib yuritilgan tekshiruvni tergovga o‘tqazmasdan yopib berish uchun IIB profilaktika inspektoriga 1 mln 500 ming so‘m pul mablag‘larini pora sifatida taklif qilgan.

Inspektorning bildirgisi asosida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida, fuqaro S.A. 1 mln 500 ming so‘m pulni xodimga pora tariqasida berayotgan vaqtida ushlangan.

Hozirda Zangiota tumani prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.

IIBB Axborot xizmati

Text to speech